Maqbaralar

QUMCHO‘P OTA ZIYORATGOHI

Qashqadaryo viloyati | Qumcho‘p qishlog‘i

00.0 (0)

Qumcho‘p ota ziyoratgohi VIII–IX asrlarga oid bo‘lib, miloddan avvalgi VI–IV asrlarga mansub qadimgi qal’a-qo‘rg‘on o‘rnida shakllangan.

Qumcho‘p ota ziyoratgohi Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanining Qumcho‘p qishlog‘ida joylashgan. Qadimda bu hududdan G‘uzor–Qarshi karvon yo‘li o‘tganligi sababli, ziyoratgoh atrofida qishloqlar va qo‘rg‘onlar ko‘p bo‘lgan. Ilgari qishloq “Qovchin” nomi bilan mashhur bo‘lib, bu yerda Qovchin urug‘iga mansub aholi yashagan. XX asrning 70-yillaridan boshlab esa ziyoratgoh nomi bilan Qumcho‘p qishlog‘i deb atala boshlagan .

Hazrati Qumcho‘p otaning asl ismi Abu Ali Saidi bo‘lgan. U “Qumcho‘p” yoki “Kumoyton ota” taxalluslari bilan ham tanilgan. Xalq orasida u sayyidlar sulolasiga mansub bo‘lib, Hazrati Ali avlodidan ekani haqida rivoyatlar mavjud. Qumcho‘p ota ziyoratgohi VIII–IX asrlarga oid bo‘lib, miloddan avvalgi VI–IV asrlarga mansub qadimgi qal’a-qo‘rg‘on o‘rnida shakllangan. Ba’zi manbalarda Qumcho‘p ota Abu Muslim Nasafiy bilan bog‘lanadi .

Qumcho‘p tepaligi haqida xalq orasida qiziqarli rivoyat ham mavjud. Unda aytilishicha, bir cho‘pon tayog‘ini yerga qadab, chakmonini ilib qo‘yib o‘tin tergani ketgan. Shu payt kuchli bo‘ron boshlanib, ko‘chma qumlar to‘planib tepalik hosil qilgan. Shundan buyon bu joy “Qumcho‘p tepaligi” deb atalib kelinadi .

Arxeolog olim Abdusabur Raimqulov ma’lumotlariga ko‘ra, VI asrda G‘uzor hududida Yaloqtepa qo‘rg‘oni mavjud bo‘lgan, Qumtepa esa shu davrda shakllangan. O‘rta asr yozma manbalarida G‘uzor rustoqida Navqat-Quraysh, Subax va Iskifag‘on kabi shaharlar tilga olinadi. G‘uzor yaqinidagi Xo‘ja Buzruktepa o‘rta asr Iskifag‘on shahrining xarobalari hisoblanadi. Bu hudud orqali Termiz tomonga olib boruvchi savdo yo‘li o‘tgan. IX–X asrlarga kelib, ushbu qal’a shahristonga aylangan .

Demak, Qumcho‘p ota hududi VII–VIII hamda IX–X asrlarda Kesh (Kitob–Shahrisabz)dan Navqat-Quraysh va Iskifag‘on orqali Kelif tomonga yo‘nalgan xalqaro savdo yo‘li ustida joylashgan bo‘lib, bu uning rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatgan.

2007 yil iyul oyida arxeolog Bahodir Roziqov ushbu hududda tadqiqot olib borib, Qumcho‘p xarobalari ustidan yuechjilar davriga (milodiy I–IV asrlar) oid ikki dona budda haykalini aniqlagan. Shuningdek, tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, miloddan avvalgi VI–IV asrlarda bu hududda mudofaa devorlari qurilgan. Qumcho‘p tepaligi ana shunday himoya tizimidagi qal’alardan biri bo‘lgan. Keyinchalik Aleksandr Makedonskiy qo‘shinlari tomonidan bu qal’a devorlari vayron qilingan .

Ziyoratgoh hududida ko‘plab sopol idishlar parchalari uchraydi. Ular ikki guruhga bo‘linadi: birinchisi — yupqa va bezaksiz bo‘lib, miloddan avvalgi VI–IV asrlarga tegishli; ikkinchisi — qalin, pishiq va bezakli bo‘lib, milodiy IX–XI asrlarga oid. Bundan tashqari, o‘sha davrlarda neft bilan to‘ldirilib, yoqib dushmanga qarshi ishlatilgan “mitti ko‘zacha”lar ham topilgan .

Maqbara atrofida turli nomlar bilan ataladigan toshlar mavjud: “Chevar tosh”, “Chilla tosh”, “Polvon tosh”, “Balogardon tosh” va boshqalar. Ziyoratgoh yonida “Murod qudug‘i” joylashgan bo‘lib, mahalliy aholi uni shifobaxsh deb hisoblaydi. Bu yerda noyob terak daraxti ham o‘sadi va u “avliyo daraxti” yoki “patta” deb ataladi .

XX asrning 40-yillarida sobiq qishloq soveti raisi Ibrohim Sho‘ro ziyoratchilarni bu hududdan quvib yuborgan. Ammo oradan ko‘p o‘tmay uning o‘zi ham vafot etgani haqida rivoyatlar mavjud.

Mustaqillikdan so‘ng muqaddas qadamjolarga bo‘lgan e’tibor kuchaydi. 1992–1993 yillarda Qumcho‘p ota ziyoratgohi mahalliy aholi va homiylar yordamida qayta ta’mirlandi: maqbara pishiq g‘ishtdan qayta qurildi, masjid barpo etildi, yo‘llar asfaltlandi va infratuzilma yaxshilandi.

Bugungi kunda Qumcho‘p ota ziyoratgohi mahalliy aholi va ziyoratchilar muntazam tashrif buyuradigan obod maskan hisoblanadi.

Galereya

Joylashuv va aloqa

Viloyat: Qashqadaryo viloyati

Manzil: Qumcho‘p qishlog‘i

Geografik kenglik (latitude): 38.712702

Geografik uzunlik (longitude): 66.136355

Xarita:Yandex Maps

Telefon: +998900000000

Website: -

Narx va xizmatlar

Narx:-

Xizmatlar:

  • Xizmat kiritilmagan

Sharhlar

Sharh qoldirish

Sharh yo'q

Birinchi sharhni siz qoldiring.

Yangi e'lon qo'shish

Quick Publish 1-2 daqiqalik oqim. Advanced rejimda to'liq ma'lumot va 3 tilli kontent kiritiladi.

Rolangizda e'lon joylashtirish ruxsati yo'q.